

- Muhim o'yinda ishonchli g'alaba qozonganimizdan xursandman. Ayniqsa, “Mashal” jamoasining peshqadamlardan biri ekanligini inobatga olib, o'yin og'ir kechishini bilardik. Qolaversa, “Mashal”ning so'nggi yillarda Samarqanddan g'alaba bilan qaytayotgani, xususan men kelgunimga qadar yil boshida “Dinamo”ni mag'lub etgani bu jamoaning kuchidan dalolat edi. “Mashal” bilan o'yinlardagi noxush ananaga chek qo'yganimizdan ham xursandman.
“G'oliblar muhokama qilinmaydi” degan gap bo'lsada, bosh murabbiy sifatida jamoamni tanqid qilishga haqqim bor. Bugun futbolchilarning 15 kun davomida o'yin amaliyotisiz qolganligi bilindi. Yigitlar maydonda bir-birini o'zaro tushunishda qiynalishdi. Sababi, chempionat davom etayotgan bir paytda biz o'tgan ikki turda maydonga tusha olmadik va raqib ham topa olmadik. Meni shu narsa xavotirga solgandi.
Eng asosiysi 3-davrani yaxshi kayfiyat va muhim g'alaba bilan boshladik. Barchasi rejamiz asosida kechmoqda. Yil boshida aytganimdek, oxirigacha kurashishda davom etamiz. Oldimizda juda muhim o'yinlar bor. Men yigitlar potencialiga, jamoamiz kuchiga ishonaman. Ishonmaganimda men bu yerda ishlamasdim. Tarkibimizda kelajagi porloq bo'lgan futbolchilar talaygina. Qolaversa, jamoamizga rahbariyat tomonidan ham yaxshi e'tibor berilayotgani kuchimizga kuch qo'shadi.
Samarqand viloyati yangi hokimi, viloyat futbol federatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimovni barchamiz futbol jonkuyari sifatida ham bilamiz. “Dinamo”ning keyingi o'yinlarida Erkinjon Oqbo'taevichning tashriflari kutilayapti ekan, biz ham e'tiborga yarasha barcha muxlislarimiz va rahbariyatning ishonchini oqlashga bor kuch va g'ayratimizni ishga solamiz.
Usmon Ibodov yozib oldi.



