Yozning kutil(ayot)gan yorqin transferlari

Dunyoning umumiy qiyofasini batamom o'zgartirib yuborgan bahor fasli nihoyaladi. 2020 yil yozining ostonasida turibmiz.

Voqealar rivojida keskin burulishlar ro'y bermaganida futbol muxlisi top chempionatlarni yakunlab, "ko'hna qita" birinchiligiga tayyorgarlik ko'rayotgan bo'lardi. Klublarning keyingi mavsum uchun rejalari va transfer siyosatining qanday ko'rinish olishini taxminiy suratda chizib ko'rsatish mumkin edi. Ayni damda barcha-barchasi mavhumligicha qolmoqda: turnirlarning qachon yakunlanishi, kelasi mavsumlar startining qanchaga kechikishi, transfer darchasi, jamoalar va futbolchilar o'rtasidagi shartnomalar bo'yicha paydo bo'lishi kutilayotgan katta kelishmovchiliklar echimi...

Yil avvalida o'zbek futboli ixlosmandlari ham transfer oynasining yozgi mavsumini katta ishtiyoq bilan kuta boshladi. Chunki joriy yoz (katta ehtimol bilan) biz uchun ham Yevropa tomon yo'l ochishi kerak edi. Nihoyat, A Seriya, Bundesliga yoki APLda ham vakillarimiz paydo bo'lishiga ishonch har doimgidan yuksala boshladi. Hozir (qachon boshlanishi ham nomalum bo'lgan) yozgi transfer mavsumining kutilgan va kutilayotgan bazi yorqin o'tishlari haqida gaplashamiz.

Bu o'rinda so'nggi yillarda gapirilaverganidan ensani qotiradigan darajaga kelib qolgan Neymar yoki Pogba tipidagi futbolchilarning ehtimoliy transferini chetlab o'tishni lozim bildik.

Aleksey Miranchuk

Hozirgi klubi: "Lokomotiv" (Moskva)

Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 14,5 mln evro

Davogarlar: "Yuventus", "Barselona", "Milan", "Sevilya", "Roma", "Zenit"

Aleksey RPL darajasidan o'sganiga ancha bo'ldi. YCHLning joriy mavsumida "Yuventus" darvozasiga urgan golidan so'ng uning top chempionatlarga yo'l olishi deyarli aniqlashgandi. Jumladan, "keksa sinora"ning o'zi rossiyalik futbolchiga jiddiy tarzda qiziqa boshladi. Pandemiya sharoitida Miranchukning transfer bahosi pastlaganiga (14,5 mln) qaramasdan, "temiryo'lchilar" xavbek uchun katta summa so'rashda davom etyapti. Miranchukning agenti Paulu Barbozaning takidlashicha, mijozi uchun kamida 40 million evro talab qilinadi. Hozir moliyaviy inqiroz sharoitida bu mablag'ni na "Yuventus", na "Barselona" to'lay oladi. Katta ehtimol bilan moskvaliklar futbolchi uchun talab qilinayotgan miqdorni pasaytirishmas ekan, uning keyingi manzili Yevropaning o'rtamiyona jamoalaridan biri yoki "Zenit" bo'ladi.


 Donni van de Bek

Hozirgi jamoasi: "Ayaks" (Amstyerdam)

Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 44 mln evro

Davogarlar: "Real", "Manchester Yunayted"

Niderlandiyalik yarim himoyachi Yevropa Chempionlar Ligasining o'tgan mavsumidayoq o'zining nimalarga qodirligini isbotlab qo'ygandi. Uning Frenki de Yong, Matteys de Ligt va Hakim Ziesh singari safdoshlari grand klublar tarkibini to'ldirib ulgurishdi. Katta ehtimol bilan van de Bek ham tez orada Amstyerdamni tark etadi, unga Madridning "Real"i asosiy davogar bo'lib turibdi. "Qirollik klubi" 23 yoshli xavbek timsolida Modrichning davomchisini ko'rmoqda. Shuningdek, MYU ham Donni orqali Pogbaning o'rnini to'ldirish variantidan yiroq emas.


 Jeydon Sancho

Hozirgi klubi: "Borussiya" (Dortmund)

Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 117 mln evro

Davogarlar: "Manchester Yunayted", "Manchester Siti", "Chelsi", "Barselona", "Real"

Sancho Dortmunddan kyetish istagini yashirmayapti - tomonlar orasidagi kichik nizolar jarayonni tobora tezlashtiradi. "Borussiya" rahbariyati ham vaziyatni to'g'ri baholayapti va iqtidorli ijrochini majburan olib qolmoqchi emas. Klubning Robert Levandovski bilan achchiq tajribasi shuni ko'rsatadiki, kyetishni istayotgan yulduzlarni mo'may pulga sotib yuborish maqul. 20 yoshli futbolchiga talabgorlar ham etarlicha - ispan grandlari, "Chelsi", "Manchester Siti". Asosiy davogar esa "Manchester Yunayted" hisoblanadi. Angliyalik futbolchining o'zi YCHLdagi ishtiroki taminlancha, "qizil iblislar" safiga o'tishga qarshi emas.


Jaloliddin Masharipov

Hozirgi klubi: "Paxtakor" (Toshkent)

Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 1,4 mln evro

Davogar: "Trabzonspor"

Mavsum avvalida "Paxtakor"ning OCHLdagi ishtirokidan keyin Masharipov legionerga aylanishi haqida gapirilgandi. Bir necha kun avval Jaloliddinning Turkiya Superligasiga yo'l olishi mumkinligi haqida xabar berildi. Katta ehtimol bilan kelasi mavsumni YCHLda boshlaydigan "Trabzonspor"ning hamyurtimizga qiziqish bildirishi yoqimli, albatta. Keyinroq futbolchining o'zi hali hech qanday aniq taklif olmaganini ta'kidladi. Osiyoning turli klublaridan yaxshigina takliflarni rad qilib, Yevropada to'p tepishni istashini hech qachon inkor qilmagan xorazmlik yarim himoyachining niyatlari tez orada ushalishiga tilakdoshmiz.


 Eldor Shomurodov

Hozirgi klubi: "Rostov"

Transfer narxi ("Transfermarkt" portaliga ko'ra): 5,2 mln evro

Davogar: nemis, ispan, italyan klublari

Saytimiz orqali efirga uzatilayotgan "Tezkor studiya" dasturining 15 mayda o'tkazilgan sonida "Championat.asia" asoschisi Gayrat Xasbiulin Shomurodovga Germaniya, Ispaniya va Italiya klublaridan aniq takliflar borlligini ma'lum qilgandi. Oradan bir kun o'tib ProSportsManagement kompaniyasi rahbari German Tkachenko bu insaydni tasdiqladi. Keyinchalik hamyurtimizga "Shalke-04" va "Shtutgart" klublarining jiddiy qiziqayotgani ochiqlangandi. Garchi RPL klublaridan takliflar bo'lsa ham, Eldorning o'zi Yevropaga yo'l olishni istashini ma'lum qilgan.


Shuningdek, 18 yoshli Jasur Jaloliddinov ham katta ehtimol bilan "Bunyodkor"ni tark etadi. Pandemiya tufayli navoiylik futbolchining "Benevento"ga o'tish ehtimoli pasayib ketgan bo'lsa-da, unga Rossiya chempionatining yaxshi jamoalaridan takliflar bor. Uning o'zi "Championat.asia"ga Moldova yoki Serbiya chempionatlariga o'tmasligini, iloji boricha kuchliroq birinchiliklardan biriga kyetishini ma'lum qildi.

Yuqorida nomi tilga olingan futbolchilarimizning keyingi faoliyatiga omad tilaymiz. Umid qilamizki, ular o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlashadi. Zero, futbolchilarimizning ayni pogenciali bundan ko'prog'iga ham qodirligidan signal beryapti.




Manba: championat.asia