"Yangi Rodrigo tug'ildi". "Real" hujumchisi operaciyadan keyin muxlislarga murojaat qildi

Sherzod Nurmatov
12 mar 2026
Madridning "Real" jamoasi hujumchisi Rodrigo Goes o'ng tizzasidagi oldingi xochsimon bog'lami va tashqi menisk yorilishi sabab o'tkazilgan operaciyadan so'ng muxlislarga maktub yo'lladi.

Futbolchi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o'tganini bildirib, barcha qo'llab-quvvatlaganlarga minnatdorlik bildirdi.

"Xudoga shukrki, operaciya yaxshi o'tdi! Bugun yangi tarix boshlanadi. Yangi Rodrigo tug'ildi. Men bu jarayonning barchasidan o'tishga va Xudoning barakalari bilan yashashga tayyorman. Mehr ifodalangan har bir xabar uchun juda minnatdorman", – deb yozdi braziliyalik futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda.

Avvalroq ma'lum qilinganidek, ushbu jarohat sabab futbolchi taxminan 10 oy maydondan chetda qolishi mumkin. Demak, Rodrigo ehtimol kelasi mavsumdagina maydonga qaytadi.

Futbolchi jarohatni Ispaniya chempionatining 26-turida "Xetafe"ga qarshi o'yinda (0:1) olgan. Qizig'i, u shikastlanishga qaramay, uchrashuv oxirigacha o'ynab bergan: 55-daqiqada "Santyago Bernabeu"da maydonga tushib, final hushtagi chalinguncha o'yinni davom ettirgan. Tekshiruvda esa jiddiy shikast borligi aniqlanib, operaciya talab etilgan.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ESPN