

Shunday qilib 2025 yildan O'zbekiston futzal federatsiyasi o'z faoliyatini boshlaydi. Ushbu tashkilotni rahbar sifatida BMB Holding Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Akmalovich Mamatqulov boshqaradi.
Ma'lumot uchun, bungacha 2002-2002 yillarda O'zbekiston mini-futbol (futzal) assotsiatsiyasi, keyinchalik 2004-2017 yillarda O'zekiston futzal assotsiatsiyasi faoliyat yuritgandi. So'ngra futzal ikkiga bo'lindi. Terma jamoalar O'FAga o'tdi, ichki chempionat va Kubok o'yinlari PFLga.

Shu yil yurtimizda futzal bo'yicha Jahon chempionati bo'lib o'tgani katta voqea bo'ldi. Balki shuning uchun ham alohida futzal federatsiyasini tashkil qilish fikri yuzaga kelgan bo'lishi mumkin. Aslida shunday bo'lishi ham kerak edi.
Bir narsani unutmaylik, futzal, mini-futbol va sohil (plyaj) futboli umuman boshqa sport turlari va bu bilan umuman boshqa odamlar shug'ullanishi kerak. O'zbekistonda bir paytlar plyaj futboli bo'lardi, lekin hozir qum yo'q, shunga bu sport turi ham to'xtab qoldi. OFK esa yildan yilga plyaj futbolini rivojlantirish harakatida.
Masalan, 2025 yilning 20-30 mart oralig'ida Tailandda plyaj futboli bo'yicha navbatdagi Osiyo chempionati o'tkaziladi va bunda 16ta terma jamoa qatnashadi. Qur'a tashlanib guruhlar ham aniq bo'lgan.
A guruhi: Tailand, Quvayt, Livan, Hindiston.
B guruhi: Yaponiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Iroq.
C guruhi: Eron, BAA, Afg'oniston, Indoneziya.
D guruhi: Ummon, Bahrayn, Malayziya, Vetnam.
O'zbekiston terma jamoasi 2023 yilgi Osiyo chempionatida qatnashgandi. Lekin navbatdagisiga bora olmaydi. Chunki bu jamoaga alohida e'tibor yo'q. Ammo o'z paytida Qarshida yaxshi qumli maydon qurilgani va bir nechta o'yinlar o'tkazilgani yodimizda.

Futzal federatsiyasi birinchi navbatda e'tiborni futzalga qaratishi turgan gap. Aytaylik, terma jamoalar endilikda federatsiya tarkibida bo'ladi. Lekin chempionat o'yinlarini buyog'iga kim davom ettiradi: yangi tashkilotmi yoki PFLmi?
Yangi tashkilot oldida bir nechta mas'uliyatli vazifalar turibdi. Va fikrimizcha, bu ishlar amalga oshirilmaguncha futzal rivojlanib qolmaydi. Quyida shundan bazilariga to'xtalamiz.
Birinchisi, futzal klublarini xususiylashtirish. Bu o'rinda imkon qadar futzal sektorini futboldan olib chiqib kyetish kerak bo'ladi. Chunki yuqorida aytganimizdek, futbol va futzal umuman boshqa-boshqa sport turi.
Ikkinchisi, futzalchilar maoshini ko'tarish. O'zbekistonda hatto eng yaxshi futzalchining maoshi ham u qadar yuqori emas va bu borada futzalchilar futbolchilar bilan aslo bellasha olmaydi. Nimadir qilish kerakki, futzalchilar ham, futzal murabbiylari ham yaxshi pul topsin, shundagina futzal kuchayadi.
Uchinchisi, futzalga alohida homiylarni jalb etish. Bu orqali federatsiya o'z mablag'iga ega bo'ladi. To'g'ri, BMB Holding ham moliyaviy baquvvat kompaniyalardan biri. Lekin katta ehtimol bilan kompaniya faqat milliy terma jamoa xarajatlarini ko'tarishi mumkin. Bu yerda esa ichki chempionatni kuchaytirish, futzal ommaviyligini oshirish masalasi turibdi.
To'rtinchisi, futzal chempionati taqvimi va format masalasi. Bizning chempionatdagi taqvim va format hammaga maqulmi? Bu ham kun tartibidagi masala. Yon qo'shnimiz Tojikistonda futzal o'yinlari uy-safar tizimiga o'tdi. Lekin biz hozircha bunga tayyor emasmiz. Va sekin asta-tayyor bo'lishimiz uchun nimalar qilinishi kerak?

Xulosa o'rnida
Yangi tashkil etilgan O'zbekiston futzal federatsiyasini katta ishlar kutmoqda. To'g'ri, hammasi birdaniga hal bo'lib qolmaydi. Bizda baribir futbol ommabop, ko'pchilik futbol ko'radi va muhokama qiladi. Lekin umid qilamizki, bir kun kelib futzal ham ommabop sport turi sifatida shakllanadi.
Bu o'rinda hamma gap mablag'ga borib taqalyapti. Futzalda pul kamligi uchun ota-onalar farzandini berishni istamayapti. Futzalchilarimiz orasida iqtidorlilar juda ko'p. Ko'pchilik maydondan ko'ra zalni yaxshi ko'radi. Buyam bor gap. Lekin endilikda futzal federatsiyasi e'tiborni yanada kuchaytirsa, O'zbekistonda futzal ham o'z o'rniga ega bo'lishiga ishonamiz.
X.Xoliqov.



