Temur Olimxo'jaev - 70 yoshda!

Narzulla Saydullayev
1 apr 2025
Bugun, 1 aprel kuni o'zbek futboli faxriylaridan biri, uzoq yillar bolalar futboli rivojiga munosib hissa qo'shgan Temur Olimxo'jaev o'zining 70 yoshini qarshi oldi.

Shu munosabat bilan Respublika Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida Temur Turobovichni yubiley bilan tabriklash marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda O'FA rahbariyati hamda faxriylar kengashi vakillari ishtirok etib, kun qahramonining uzoq va sermahsul faoliyati yodga olindi. Shundan so'ng Ravshan Ermatov Temur Olimxo'jaevni futbol jamoatchiligi nomidan tabriklab, uzoq umr, sihat-salomatlik tiladi. Uning hayot yo'li yoshlar uchun namuna bo'lishini alohida ta'kidladi.

Temur Olimxo'jaev 1975–1979-yillarda “Paxtakor” futbol klubida to'p surgan. 1979 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlab, bolalar futboli murabbiyi sifatida ish boshlagan. 2002 yilda Viktor Borisov va Temur Olimxo'jaev boshchiligida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi tarixda ilk bor U-20 Jahon chempionatiga yo'l olgan. Temur Turobovich 2016 yilda O'zbekiston U-16 terma jamoasi bilan Osiyo kubogida ishtirok etgan. Shuningdek, bir necha bor “Yilning eng yaxshi bolalar futboli murabbiyi” deb topilgan. 



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати