"Real" Pochettinoni olib kelmoqchi: Arbeloaga faqat mo'jiza yoki Chempionlar Ligasidagi g'alaba yordam beradi

Aslanov Jasurbek
10 mar 2026
Madridning "Real" klubi keyingi mavsumda Alvaro Arbeloaning o'rniga hozirda AQSH terma jamoasi bosh murabbiyi bo'lib ishlayotgan Maurisio Pochettinoni tayinlash masalasini ko'rib chiqmoqda, deya xabar berdi ESPN nashri.

Arbeloaning taqdiri va "mo'jiza":

Eslatib o'tamiz, "Madrid" 12 yanvar kuni Xabi Alonso o'rniga Arbeloa tayinlanganini e'lon qilgan, biroq uning shartnoma muddatiga aniqlik kiritmagan edi. Manbalarning takidlashicha, hozirgi murabbiy keyingi mavsumda ham o'z o'rnida qolishi uchun "mo'jiza" yuz berishi yoki jamoa Chempionlar Ligasida g'alaba qozonishi talab etiladi.

Shu bilan birga, klub Arbeloani tizimda olib qolish maqsadida unga boshqa lavozim, xususan, o'rinbosarlar jamoasi sanalgan "Kastilya" bosh murabbiyi postini qaytarib berishni ham taklif qilishi mumkin.

Peresning eski orzusi - Pochettino:

Ayni paytda "qaymoqranglilar" rahbariyati turli mutaxassislar nomzodini o'rganmoqda. Ular orasida Florentino Peres tomonidan yuqori baholanadigan Maurisio Pochettino ham bor. Argentinalik murabbiyning nomi 2019 yilda **"Tottenxem"**ni CHL finaliga olib chiqqanidan so'ng ham "Real" bilan faol ravishda bog'langan edi.

Bosh skaut Xuni Kalafat ham xavf ostida:

ESPN xabariga ko'ra, muammolar faqat murabbiylar shtabi bilan cheklanib qolmaydi. Klubning bosh skauti Xuni Kalafatning lavozimi ham so'roq ostida turibdi. Uning Peres bilan munosabatlari juda yaxshi ekanligi aytiladi, ammo jamoa qatorasiga ikkinchi mavsum ham sovrinsiz qolsa, bu do'stlik uning "Real"da qolishi uchun etarli asos bo'la olmaydi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: ESPN