Rasman: "Osasuna" sardori faoliyatini Qatarda davom ettiradi

Sherzod Nurmatov
2 avg 2024
"Osasuna" himoyachisi David Garsiya "Al Rayyan"ga o'tdi.

Futbolchining transfer summasi 8,75 mln evroni tashkil qildi. E'tiborlisi, summaning 750 mingini futbolchining o'zi to'lagan. Agar 3 yillik shartnomada ko'rsatilgan bonuslar kuchga kirsa, transfer summasi 10 mln evrogacha oshishi mumkin.

Garsiya "Osasuna" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Pamplona klubi safida u 305 ta o'yin o'tkazib, 15 ta gol urgan va 3 ta golga assistentlik qilgan.

30 yoshli markaziy himoyachi o'tgan mavsum barcha musobaqalarda 32 ta o'yinda maydonga tushib, 1 ta golli pas uzatdi va 5 marta ogohlantirish oldi. Transfermarkt portali ispaniyalik futbolchini 10 mln evroga baholamoqda.

Ma'lumot o'rnida, "Al Rayyan" ushbu mavsumdan e'tiboran Elit Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etadi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: alrayyansc.com