

Hozirgi kunda Iroqning "Erbil" klubi safida to'p tepayotgan hamyurtimiz 24 soat ichida ikki uchrashuvda ishtirok etdi. Dastlab, 30-mart sanasida Toshkentda FIFA Series musobaqasi doirasida o'tkazilgan O'zbekiston - Venesuela (0:0) uchrashuvining 90-daqiqasida Eldor Shomurodov o'rniga maydonga tushib, penaltilar seriyasida o'z zarbasidan unumli foydalandi. Oradan bir kun o'tib, Sherzod Temirov Iroq Yulduzlar Ligasining 25-turidan o'rin olgan "Erbil" - "Al Zavraa" bahsining tanaffusida Kristofer Jon Poveyning o'rniga maydonga tushdi va 45 daqiqa davomida maydonda harakatlandi. MTJ o'yini 30-mart soat 19:00ga start olgan bo'lsa, “Erbil” ishtirokidagi bahs esa 31-mart 17:00da o'tkazildi. Shunday qilib, Temirov 24 soat davomida ikki bahsda ishtirok etishga ulgurib, qiziqarli va noyob natija qayd etdi.
"Klubdagilar "Al Zavraa"ga qarshi uchrashuvda jamoaga yordam berishimni so'rashdi. Garchi oson bo'lmagan bo'lsa ham, klub ixtiyoriga yetib kela oldim. Turkiya orqali uchdim. Jamoam mag'lubiyatga uchramadi. Jamoaga yordam bera olganimdan xursandman. Hayotda oson narsaning o'zi yo'q. Xohish bo'lsa barchasini uddalasa bo'ladi", - deya izoh berdi Sherzod Temirov.
Eslatib o'tamiz, Temirov joriy mavsumida Iroq Yulduzlar Ligasida 20ta gol bilan to'purarlar ro'yxatida yetakchi bo'lib turibdi.




