O'zbekistonlik murabbiylar xorij klublarida malaka oshirib qaytishdi

Narzulla Saydullayev
23 dek 2019, 12:54
Xabaringiz bor, 2018 yili mamlakatimizda “Pro” murabbiylik licenziyasi uchun o'quv-kurslar boshlangandi.

Mazkur o'quv jarayoni bosqichma-bosqich o'tkazilib kelinmoqda. Unda tahsil olayotgan bir qator taniqli murabbiylar talabga binoan o'ish jarayoni so'nggida xorij klubida malaka oshirib qaytishi zarur edi. Shu bois bir qator o'zbekistonlik mutaxassislarni yevropa klublarida bo'lib qaytganidan xabar topdik.

Xususan, joriy mavsum “Dinamo” jamoasini boshqarib, keyinchalik iste'foga chiqqan Davron Fayziev, AGMK bosh direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Muxtor Qurbonov, “Chig'atoy” futbol maktabi direktori Rustam Abdullaev hamda “Neftchi”ning sobiq ustozi Bahrom Haydarov yaqinda Rossiya poytaxti Moskvaga safar uyushtirib, “Lokomotiv”da bo'lishdi. Ma'lum muddat Yuriy Syomin boshqaruvidagi “temiryo'lchilar” klubida mahoratini oshirgan mutaxassislar u yerda o'zlari uchun bir qator yangiliklarni kashf etishga muvaffaq bo'lishdi.



Shuningdek uzoq yillardan buyon “Nasaf” jamoasini boshqarib kelayotgan, 3 karra O'zbekistonning “Eng yaxshi murabbiyi” sifatida tan olingan Ro'ziqul Berdiev ham “Pro” murabbiylik licenziyasi uchun o'quv-kurslarida tahsil olayotgandi. Vohalik mutaxassis malaka oshirib qaytish maqsadida Turkiyaning “Beshiktosh” klubini tanladi. Unga “Paxtakor” rahbariyatida faoliyat yuritayotgan, sobiq hujumchi Jafar Irismetov bilan Shota Arveladzening yaqin yordamchisiga aylanib ulgurgan Jasur Abduraimov hamrohlik qildi.

Albatta murabbiylarimizning xorij klublarida malaka oshirib qaytgani futbolimiz uchun juda foydalidir. Boisi ular Yevropa jamoalaridan o'zlari uchun kerakli bo'lgan ishlarni kashf etishga erishgani aniq.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia