O'zbekiston - Turkmaniston uchrashuvidan 7ta fakt

Iskandarov Abdulaziz
15 iyun 2023
O'zbekiston milliy terma jamoasi "CAFA Nation's Cup-2023" musobaqasida g'alabali yurishini davom ettirdi.

Ikkinchi turda Turkmaniston raqiblik qilgan o'yinda vakillarimiz 2:0 hisobida g'alaba qozondi. Xo'sh, bu o'yindan so'ng nimalar o'zgardi? Ayrim faktlarni e'tiboringizga havola qilamiz. 


- O'zbekiston Turkmaniston ustidan o'zaro 11 uchrashuvida 9 g'alabasini qo'lga kiritdi va bu yurt vakillari bilan mag'lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi. Qo'shnilarimiz o'z tarixida faqat 1 marotaba g'alaba qozongan (1992 yil). 

- "Oq bo'rilar" Turkmaniston bilan 3ta uchrashuvdan beri o'z darvozasi dahlsizligini saqlab qolmoqda. Hamyurtlarimiz so'nggi bor 2001 yil JCH-2002 saralash bosqichida 2ta to'p o'tkazib yuborishgan. 

- Eldor Shomurodov Turkmanistonga qarshi so'nggi 2 uchrashuvda 4ta gol urdi va o'zaro o'yinlarda to'purar bo'lib oldi. Bungacha eng yaxshi ko'rsatkich Mirjalol Qosimovda edi - 3ta gol. 

- O'z uyingda devorlar ham yordam beradi. Srechko Katanets shogirdlari ketma-ket 7ta o'yindan beri O'zbekistonda o'tgan uchrashuvlarda darvozasidan gol o'tkazib yuborayotgani yo'q. Oxirgi marotaba jamoamiz darvozasiga 2022 yil Namanganda o'tgan "Navruz Cup" turnirida Uganda to'p kiritgan (4:2). 

- Eldor Shomurodov O'zbekiston terma jamoasining eng yaxshi to'purariga aylanib oldi. Uning hisobidagi gollari soni 36taga etdi. Bungacha rekordchi Maksim Shackix bilan ko'rsatkichi teng edi (34ta gol). 

- O'tgan turda O'mon bilan o'yinda debyut qilgan yoshlar Abbos Fayzullaev va Abduqodir Husanov milliy terma jamoa libosida maydonga tushgan hisob bo'yicha 2033 va 2034-futbolchi bo'lishdi. 

- Abduvohid Ne'matov 2 yildan so'ng O'zbekiston terma jamoasi tarkibida asosiy tarkibda maydonga tushdi. U so'nggi bor 2021 yil mart oyida Vadim Abramov boshchiligida Iroqqa qarshi kechgan bahsda darvozani qo'riqlagan edi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia