O'zbekiston kubogi saralashi yakunlandi

Оқил Абдубарноев
29 mar 2026
O'zbekiston kubogining saralash, yani III bosqich bahslari o'z nihoyasiga etdi va unda keyingi bosqich masalasini hal qilgan jamoalar nomi ma'lum bo'ldi.

Dastlab, 28 mart kuni bo'lib o'tgan uchrashuvda "Qoraqalpog'iston FA" jamoasi "Ahmedov" klubiga qarshi maydonga tushib, 3:1 hisobidagi ishonchli g'alabani qo'lga kiritgandi.

Saralashning so'nggi kuni, yani 29 mart sanasida esa yana ikkita murosasiz bahs bo'lib o'tdi, jumladan, "Azur" hamda "Guliston" jamoalari o'rtasidagi o'yinda tomoshabinlar faqatgina bitta gol guvohi bo'lishdi – uchrashuvning asosiy vaqti yakunlanishiga sanoqli daqiqalar qolganida, aniqrog'i 87-daqiqada Shohjahon Yunusov tomonidan kiritilgan yagona to'p "Guliston" klubiga 1:0 hisobidagi muhim g'alabani taqdim etdi.

photo_2026-03-29_13-04-42.jpg

Kunning eng sermahsul va dramatik tarzda kechgan qarama-qarshiligi esa "Oqtepa" va "Havoqand" jamoalari o'rtasida kuzatildi, unda hisob 8-daqiqadayoq Azizjon Baxtiyorov tomonidan ochilgan bo'lsa, 13-daqiqada aynan u dubl qayd etib "Oqtepa"ning ustunligini oshirdi, ammo 23-daqiqada Mubasher Valiev penaltini aniq amalga oshirib, hisobni qisqartirdi, 51-daqiqada Barhayot Saydaxmadjonov muvozanatni tikladi, shundan so'ng 67-daqiqada Behruzbek Omonov yana mezbonlarni oldinga olib chiqqan bo'lsa-da, 83-daqiqada Abubakrsiddiq Toshtemirov "Havokand"ni mag'lubiyatdan qutqarib qolgan muhim golga mualliflik qildi va asosiy vaqt 3:3 hisobidagi jangovar durang bilan yakun topdi.

photo_2026-03-29_16-38-58.jpg

G'olibni aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilinganda esa omad "Havokand" futbolchilariga kulib boqdi, "Havokand" vakillari beshta imkoniyatdan uchtasini aniq amalga oshirgan holda (3:2 hisobida) "Oqtepa"ni musobaqadan chiqarib yuborishdi va o'zlari uchun navbatdagi bosqich eshiklarini ochishdi.

photo_2026-03-29_17-39-55.jpg


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia