Ilgiz Tantashev boshqaruvida o'tadigan finalda "samuray"lar amaldagi chempionni enga oladimi? OCHL final bahsiga prevyu

Абдулвосит Бектемиров
25 apr 2026, 20:15
Bugun Jidda shahridagi "Qirol Abdulloh Sports Siti" stadionida qitamizning eng yirik bosh sovrini taqdiri hal bo'ladi. Amaldagi chempion, Saudiya Arabistonining "Al-Ahli" klubi musobaqaning bosh sensaciyasi – Yaponiyaning "Machida Zelviya" jamoasi bilan to'qnash keladi.

Finallar tarixi

Tarixdagi dastlabki final 1967 yili o'tkazilgan va ilk musobaqa g'olibi Isroilning "Xapoel" jamoasi bo'lgan. Musobaqa 1971 yilga qadar har ikki yilda o'tkazilgan. 1969 va 1971 yillarda Tel-Avivning "Makkabi" jamoasiga g'olib bo'lgan. 1970 yilgi mavsumda esa Eronning "Toj Tehron" jamoasi final uchrashuvidan so'ng g'alabani nishonlashgan. So'nggi besh mavsumda esa g'arbiy mintaqa vakillari ketma-ket ravishda musobaqa g'olibligini qo'lga kiritmoqda, 2022 yilgi mavsumdan tashqari. 2021 yili "Al Hilol" finalda Koreyaning "Poxang Stiler" jamoasini mag'lub etgan bo'lsa, keyingi mavsumda Riyodliklar ikki o'yin natijasiga ko'ra "Urava Red Diamonds"ga 1:2 hisobida mag'lub bo'lgan. 2023/2024 yilgi mavsumda esa Ernan Krespo boshchiligidagi "Al Ayn" finalda "Yokoxama Marinos"ni ikki o'yin natijasiga ko'ra 6:3 hisobida enggan edi.

2024 yilda esa OFK musobaqaga o'zgartirish kiritib, Elit Osiyo Chempionlar Ligasini tashkil etdi. Elit OCHLning dastlabki g'olibi esa Jiddaning "Al Ahli" jamoasi bo'ldi. Riyod Mahrez jamoasi o'z uyida o'tkazilgan finalda "Kavasaki Frontale"ni 2:0 hisobida mag'lubiyatga uchratib, o'z tarixida ilk bor Osiyo "toji"ga ega chiqqan edi. Saudiya klubi uchun bugungi final tarixdagi to'rtinchisi bo'ladi. Jiddaliklar o'z tarixida ilk bor, 1985/1986 yilgi mavsumda Osiyo Klublar musobaqasi(hozirgi OCHL) finalida Koreyaning "Deu Royals" klubiga 3:1 hisobida mag'lub bo'ladi. Oradan 26 yil o'tib, saudiyaliklar yana bir marotaba finalga qadar yetib borishadi va yana Janubiy Koreya vakiliga mag'lub bo'ladi. Bu safar "Ulsan Hyunday" yirik 3:0 hisobidagi g'alabani tantana qiladi. Agar "Al Ahli" bugungi finalda g'alaba qozonsa, ketma-ket ikki mavsum davomida Chempionlar Ligasida g'alaba qozongan jamoaga aylanadi. Aynan "Al Ahli"ning ashaddiy raqibi "Al Ittihod" 2004 va 2005 yilgi mavsumlarda ketma-ket ikki marotaba musobaqada zafar quchgan yagona jamoa hisoblanadi.

"Machida Zelviya" esa o'z tarixida ilk bor Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etmoqda. Jamoa debyut mavsumidayoq finalga qadar yetib keldi.

al ahli].jpg

Bosib o'tilgan yo'l

Amaldagi chempionlarning yo'li sinovlarga to'la bo'ldi. Musobaqadagi ishtirokini "Nasaf"ga qarshi boshlashdi. Jiddadagi uchrashuvda Husayn Norchaevning birinchi bo'limdagi "dubli" amaldagi chempionlarni qiyin ahvolga solib qo'ygan edi, ammo tanaffusdan so'ng raqib Enzo Miyoning "dubli" va so'nggi daqiqalardagi ikkita gol bilan javob qaytarib, yakunda 4:2 hisobida g'alaba qozongan edi. Guruh bosqichida G'arbiy mintaqada ikkinchi o'rinni egallagan Mattias Yayssle shogirdlari pley-offda Aqlovlar qilmas matonat namoyish etishdi.

1/8 finalda "Al-Duhayl"ga qarshi kechgan bahs taqdirini Riyod Mahrezning 117- daqiqaqagi jarima zarbasidan urgan goli hal qildi. Chorak finalda Malayziyaning "Johor Darul Tazim" jamoasiga qarshi o'yinda jamoa bir kishi kam bo'lib qolgani va uchrashuv davomida hisobda ortda borayotganiga qaramay, 2:1 hisobida irodali g'alabani qo'lga kirita oldi. "Barselona" sobiq futbolchisi Frank Kesse burchak zarbasidan so'ng hisobni tenglashtirgan bo'lsa, Galenoning "supergol"i jamoani yarim finalga olib chiqdi.

"Vissel Kobe"ga qarshi kechgan final ostonasidagi bahs ham "kambek" bilan esda qoldi. Saudiyaliklar birinchi bo'lib gol o'tkazib yuborgan bo'lsalar-da, Galeno va Ayven Tonining gollari evaziga final "chipta"si qo'lga kiritildi. "Portu" sobiq a'zosi Galeno yana bir bor "supergol" urdi.

al ahli.jpg

Sharqiy mintaqa vakili va musobaqa debyutanti "Machida" uchun ushbu mavsum haqiqiy "ertak"ga aylandi. Go Kuroda jamoasi 17 ochko to'plab, Sharqiy mintaqadagi birinchi o'rinni egalladi. Tokio jamoasi mustahkam himoyasi bilan butun futbol hamjamiyatining e'tiborini tortdi. Ular musobaqadagi jami 12 o'yinda bor-yo'g'i 7ta gol o'tkazib yuborishdi. "Machida" pley-off bosqichida gol o'tkazmagan yagona jamoa hisoblanadi.

Nimchorak finalda ikki o'yin natijasiga ko'ra "Gangvon" 1:0 hisobida taslim etildi. Chorak final bosqichidan boshlab esa, musobaqa mintaqalashgan tizimda Saudiya Arabistonida o'tkazildi va har bir bosqich faqatgina bir o'yindan iborat edi.

Chorak finalda esa Saudiyaning amaldagi chempioni "Al-Ittihod"ni tokioliklarni kutib turgandi. Qiyin kechgan uchrashuvda avstraliyalik hujumchi Tete Yengining 31-daqiqadagi goli uchrashuvdagi yagona gol bo'lib qoldi, ammo "PSJ" sobiq futbolchisi Danilo Pereyraning 86-daqiqada kiritilgan goli hisobga olinmadi.

Yarim finalda BAA chempioni "Shabab Al-Ahli" "samuray"larga raqiblik qildi. Yuki Somaning o'yin boshida urgan goli o'z jamoasiga g'alaba keltirdi va "Machida" o'z tarixida ilk bor final yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Lekin 90+7-daqiqada "Shabab Al Ahli" Gilermening goli evaziga hisobni tenglashtirdi, ammo VAR vaziyatga aralashib, golga olib kelgan hujum aslida "Machida" ikki yangi futbolchini maydonga tushirayotgan chog'ida autdan to'pni maydonga kiritish orqali boshlangani haqida bosh hakam Jon Evansni ogohlantirdi. Avstraliyalik hakam esa golni vaziyatni takroran ko'rganidan so'ng golni bekor qildi. Dubay jamoasi ushbu vaziyat bo'yicha OFKga rasmiy shikoyat yo'lladi ham.

machida.jpg

Murabbiylar fikri

"Al Ahli" bosh murabbiyi Mattias Yayssle final uchrashuvdan oldin shunday dedi:

"Finalda ekanligimizdan faxrlanaman. Muxlislarimiz bizni qo'llab-quvvatlashlariga va stadionda ajoyib atmosfera bo'lishiga ishonaman. Aksariyat o'yinchilarimiz safda, ular ruhiy va jismoniy jihatdan finalga tayyor. Bu alohida o'yin va har bir futbolchi uning bir qismi bo'lishni istaydi. "Machida" - o'ta tartibli jamoa. Ularga gol urish nihoyatda qiyin, buni ular pley-offda isbotlashdi. Bu og'ir o'yin bo'ladi, ammo final uchun bu tabiiy hol.

Maqsadimiz g'alaba qozonib, muxlislarimizga bayram taqdim etish. O'tgan yilgi final bilan solishtirmagan bo'lardim. Joriy mavsumda raqobat yanada kuchaydi"

"Machida Zelviya" ustozi Go Kuroda finaldan oldin shunday dedi:

"Futbolchilarim butun musobaqa davomida namoyish etgan ishtiyoqi shu ergacha yetib kelishimizga sababchi bo'ldi. Ertaga maydonda yillar davomida qurib kelgan o'yinimizni namoyish etishni maqsad qilganmiz.

Biz Yaqin Sharq maydonlarida yangicha ruhni his qildik va bu turtki bizga yordam beradi. Stadion mezbonlar muxlislari bilan to'lishini tushunib turibmiz, lekin bu bizga bosim o'tkazmasligi uchun qo'limizdan kelganini qilamiz. Jarohatlar borasida vaziyat barqaror, biz bahona qidirmayapmiz. Biz butun dunyoga "Machida Zelviya"ning qanchalik kuchli ekanini ko'rsatmoqchimiz

kuroda jaissle.jpg

Ilgiz Tantashevga omad

Xabaringiz bor, bugungi finalni Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi. Unga qanotlarda Andrey Sapenko va xitoylik Ju Fey yordam beradi. To'rtinchi hakam sifatida Osiyo Kubogi-2023 finalini boshqargan xitoylik Ma Ning tayinlangan. Hamyurtimiz Firdavs Norsafarov esa AVAR hakami sifatida tayinlangan. Bugungi final Norsafarov faoliyatidagi ilk final uchrashuvi bo'ladi.

Tantashev uchun bugungi uchrashuv faoliyatidagi ikkinchi final hisoblanadi. Hamyurtimiz bunga qadar 2023/24-yilgi mavsumda "Al-Ayn" va "Yokohama Marinos" o'rtasidagi finalning javob uchrashuvida ishlagan edi. Shuningdek, bugungi final Tantashev brigadasi uchun joriy mavsumdagi sakkizinchi tayinlov bo'ldi. Mundialda ishlaydigan hakamimiz bunga qadar bitta chorak final, bitta 1/8 final va beshta guruh bosqichi o'yinida ishlagan edi.

tantashevvvv.jpg


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: