O'FA va O'FF rahbariyati ayollar terma jamoasi a'zolari bilan uchrashdi

Omonjon To`xtamirzayev
12 yanv 2025, 13:21
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi Birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov va yangi tashkil etilgan O'zbekiston futzal federatsiyasi Prezidenti Bekzod Mamatqulov Toshkent mezbonlik qilayotgan ayollar futzali bo'yicha Osiyo chempionati saralash o'yinlari oldidan terma jamoamiz a'zolari va murabbiylari bilan uchrashdi.

Xususan,  Ravshan Ermatov va Bekzod Mamatqulov Milliy terma jamoamiz vakillariga shu kunlarda mamlakatimizda o'tkazilayotgan Osiyo chempionati saralash uchrashuvlarida muvaffaqiyat tiladilar. 

– Barchangizni bugun shu yerda ko'rib turganimdan xursandman. Mana yurtimizda O'zbekiston futzal federatsiyasi tashkil qilindi. Ayollar futzali esa uning muhim bo'lagi hisoblanadi. Oldimizda qita birinchiligiga saralash o'yinlari kutib turibdi. Quvonarlisi, bahslar Toshkentda bo'lib o'tadi. Aytishadiku, “o'z uyingda devorlar ham yordam beradi”. Shunday ekan, sizlarga faqat omad yor bo'lishini tilayman, - dedi Ravshan Ermatov.


– O'zbekiston futzalini nafaqat Osiyoning yetakchilaridan biriga, balki jahonning eng yaxshilari qatoriga ko'tarish uchun qo'limizdan kelgan barcha ishlarni amalga oshirishga tayyormiz, - dedi B.Mamatqulov. – Sizlardan esa  faqatgina bildirilgan ishonchni oqlash, O'zbekiston bayrog'ini baland ko'tarish va yurtimiz dovrug'ini yanada oshirishdek mas'uliyatli vazifani bajarish talab etiladi. Zero, bu muvaffaqiyatlar yurtimizda ayollar futzali, umuman, ayollar sporti tanqidchilariga munosib javob bo'lishi, ayollar futzali bilan shug'ullanish istagida bo'lgan minglab qizlarimizning futzal maydonlariga kirib kelishiga, bir so'z bilan aytganda ko'pchlikda sog'lom sport turmushini shakllantirishiga turtki bo'ladi.

Futzal federatsiyasi Prezidenti terma jamoa murabbiylari va a'zolarining fikr va mulohazalari bilan qiziqdi. 

Jamoa bosh murabbiyi Farruh Zokirov:
- Bizga bildirilayotgan ishonchni chin yurakdan his qilib turibmiz. O'z oldimizga yuksak maqsadlar qo'yganmiz. Bo'lajak saralash o'yinlariga tayyorgarlik jarayoni ko'ngildagidek o'tdi. Terma jamoa a'zolari maydonga faqat g'alaba uchun tushadi. Albatta, bizga bo'lgan ishonchni oqlashga, xalqimizni xursand qilishga harakat qilamiz.

Eslatib o'tamiz, bugundan Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida ayollar futzali bo'yicha Osiyo kubogi-2025 saralash bosqichining “C” guruhi uchrashuvlari start oldi.

Qayd etish lozim, O'zbekiston ayollar futzal terma jamoasi bahslarga 2-turdan kirishadi. Barcha futzal muxlislarini jamoamizni qo'llab-quvvatlash uchun sport majmuasiga taklif etamiz.



Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: Ўзбекистон футзал федерацияси матбуот хизмати