Noil Lutfullin: Hakamlarni baholab borish tizimiga o'zgartirishlar kiritildi

Omonjon To`xtamirzayev
21 fev 2014, 16:49
Oliy va Birinchi Liga, futbol bo'yicha O'zbekiston Kubogi hamda boshqa musobaqalar uchun hakam va nazoratchilarni malakasini oshirish maqsadida jismoniy tayyorgarlik, hakamlar va nazoratchilar uchun o'yin qoidalari bo'yicha attestaciyadan o'tish haqida O'FF prezidenti buyrug'i e'lon qilingan edi.

Unga ko'ra, 2014 yilgi mavsum Oliy va Birinchi Liga, shuningdek O'zbekiston Kubogi hamda boshqa musobaqalardagi hakamlik saviyasi va sifatini oshirish maqsadida 20 yanvar - 22 fevral kunlari futbol qoidalari va jismoniy tayyorgarlik bo'yicha attestaciya jarayoni va ular uchun o'quv-mashg'ulot yig'inlarini tashkil etish tashkil etildi.

O'FF hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig'i Noil Lutfullin mazkur yig'in yakunlariga to'xtalar ekan, unga jalb etilgan hakam va nazoratchilarning barchasi ham imtihonlardan o'ta olmaganini ta'kidladi.

Yangi mavsum oldidan o'tkazilgan yig'inga jalb etilgan barcha hakam va nazoratchilarni sinovdan o'tkazdik. Ushbu yig'in va attestaciya davomida jami 137 nafar hakam va nazoratchilar nazariy va jismoniy tayyorgarlik bo'yicha normativlarni topshirishdi. Aytish lozim, yig'inga jalb etilgan barcha hakam va nazoratchilar sinovlardan o'ta olishmadi. Jami 25 nafar hakam va 6 nafar nazoratchilar ushbu imtihonlardan o'ta olishmadi, - deydi Lutfullin.

O'FF hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig'ining aytishicha, yangi mavsumda Oliy va Birinchi Liga o'yinlari, Kubok o'yinlarida ishlaydigan hakam va nazoratchilar ro'yxati 24 fevral, dushanba kuni Qo'mita yig'ilishida tasdiqlanadi.

Deyarli bir oy davomida o'tkazilgan yig'in yakuni borasida to'xtalar ekan, Noil Lutfullin imtihonlardan o'ta olmagan hakam va nazoratchilarning soni kutilganidan biroz ko'pligini alohida ta'kidladi.

Oliy sport mahorati respublika maktabini tugatgan va imtihonlarga viloyatlardan tashrif buyurgan hakamlar deyarli yil davomida malakasiz qolib kyetishmoqda. Viloyat Federatsiyaalari bu borada hakam va nazoratchilar uchun vaqti-vaqti bilan o'quv-seminarlarini tashkil etib turishsa maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Qolaversa, ayrim viloyatlarda Ikkinchi Liga bahslari o'tkazilmasligi ham bunga qisman ta’sir ko'rsatadi. Ikkinchi Liga bahslari hakamlar uchun kichik bo'lsada imtihon vazifasini o'taydi, - deya qo'shimcha qildi Lutfullin.

Takidlash lozim, yangi mavsumdan boshlab hakamlarni baholab borish tizimiga o'zgartirishlar kiritildi. Yangi mavsumda uchrashuv hakamlari va laynsmenlarini boshqarib boradigan nazoratchilar o'yindan keyin to'ldiradigan raportiga o'zgaradi.

Bu yildan boshlab, uchrashuv nazoratchilari o'yindan keyin to'ldiradigan raportiga bir qator o'zgarishlar kiritiladi. Unga ko'ra, nazoratchilar hakamlarning o'yinini baholashda ilgari shart bo'lmagan yana bir qator mezonlar qo'shildi. Bu yilgi mavsumdan e'tiboran Chempionat o'yinlarining markaziy o'yinlarini boshqaradigan hakamlar va markaziy bo'lmagan, o'rtamiyona jamoalarning o'yinlarini boshqaradigan hakamlarning baholari bir biridan farq qiladi. Nazoratchilarga bu borada etarlicha ko'rsatmalar berilgan va ular yangi raportlar bilan tanishib chiqishga ulgurishdi, - dedi Lutfullin.

Bunday o'zgartirishlarning joriy qilingani sababi, teng kuchli jamoalar va autsayderlar o'rtasidagi o'yinni boshqarib boradigan hakamlar orasidagi tafovut bilan izohlandi.

Markaziy o'yinlarni boshqarib borish doimo og'ir. Shunday vaziyatlar bo'lganki, ikki kuchli jamoa o'rtasidagi o'yinni boshqarib borgan hakam, o'rtamiyona boshqa bir jamoalar o'yinini boshqarib borgan hakamdan ko'ra, nazoratchi tomonidan kamroq baho oladi. Bu esa, yakunda ularning umumiy baholariga ta’sir qilishi mumkin. Albatta, markaziy o'yinlarni boshqarib boradigan hakamning saviyasi, boshqa o'yinlarni boshqaradigan hakamlarnikidan ko'ra yuqori. Lekin, ma'lum bir o'yinda nazoratchidan pastroq baho olishi mumkin. Shuning uchun ham, kelayotgan mavsumda bu baholash tizimiga o'zgartirish kiritildi.

Ma'lumot o'rnida, takidlash joiz, bu yildan e'tiboran FIFA tasarrufiga kiruvchi musobaqalarni boshqarib boradigan hakamlarimiz soni yana ko'paydi.

Buxorolik FIFA referisi Ilgiz Tantashev bu yildan e'tiboran FIFAning elit hakamlari ro'yxatiga kirishga muvaffaq bo'ldi. Bu FIFA va OFK musobaqalarini boshqarib boriadigan o'zbekistonlik hakamlar soni yana ko'payganidan dalolat. Dekabr oyida BAAda bo'lib o'tgan OFK hakamlari attestaciyasida jismoniy tayyorgarlik va futbol qoidalari bo'yicha nazariy-amaliy imtihonlarda o'zbekistonlik 10 nafar hakam Osiyolik hakamlar orasida eng yuqori ko'rsatkichni qayd etganlar.


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: pfl.uz