

16 fevral kuni "Nasaf" klubi OFK Elit Chempionlar Ligasi musobaqasining 8-turi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining "Sharja" jamoasi bilan kuch sinashadi.
Keling, ushbu jamoa haqida biroz to'xtalamiz.
"Sharja" jamoasi 60 yillik tarixga ega. Klub 1966 yilda tashkil topgan.
Jamoaga muxlislar tomonidan The King Sharja ("Sharja shahrining qirollari") degan laqab berilgan.
Klub o'z uy uchrashuvlarini Sharja shahridagi "Sharja" stadionida o'tkazadi. Ushbu maydon o'z bag'riga 12 mingdan ziyod muxlisni sig'dira oladi.

Jamoa Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 6 karra g'olibi, 10 karra Prezident kubogi sohibi va 4 karra mamlakat Superkubogi g'olibi hisoblanadi. Shuningdek, jamoa o'tgan mavsum Osiyo Chempionlar Ligasi 2 musobaqasida ham zafar quchgan.
"Sharja" shu vaqtgacha Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan o'tkazilgan rasmiy musobaqalarda 62 o'yin o'tkazgan. Ulardan 26 tasida g'alaba, 20 tasida mag'lubiyat, 16 tasida esa durang natija qayd etilgan.
Jamoani ayni paytda 61 yoshli angolalik mutaxassis Xose Morais boshqarmoqda. U o'z faoliyati davomida "Inter", "Real", "Chelsi" kabi klublarda ishlagan.
Murabbiy "Chonbuk Motors" jamoasi bilan 2 karra Janubiy Koreya chempionligini, "Al Hilol" bilan Saudiya Arabistoni Pro ligasi g'olibligini, shuningdek, 2023/24 yilgi mavsumda "Sepaxon" klubi bilan Eron Hazfi Kubogini qo'lga kiritgan.
Jamoa tarkibida ayni paytda Maro Katinich, YU Min Cho, Leandrino, Vladimir Priyovich, Feta Fetai, Firas Ben Larbi, Igor Koronado kabi legioner futbolchilar to'p tepmoqda.
Ushbu klub O'zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari uchun ham begona emas. Yaqin yillarda "Sharja" jamoasi safida O'zbekiston terma jamoasi a'zosi Otabek Shukurov faoliyat olib borgan.
Eslatib o'tamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi 8-turidan o'rin olgan "Sharja" – "Nasaf" uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi.



