

Mazkur o'yinga muxlislar kiritiladimi? Bu savol hamon o'z aktualligini yo'qotganicha yo'q.

Eslatib o'tamiz, 13 sentyabr kuni Championat.asia'ning "Eshitdik-da!" rukni Osiyo Futbol Konfederatsiyasi bu o'yinga muxlislarning kiritilishiga qarshi emasligi to'g'risida ma'lumot bergandi. O'sha xabarda barchasi O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining javob xatiga bog'liq ekaniga urg'u berilgan.
Keyinroq saytimiz manbalaridan biri O'FA muxlislarning stadionga tashrifi masalasida tashabbusni o'z bo'yniga olmagani to'g'risida ma'lumot taqdim qildi. Biroq, bu xabar o'z tasdig'ini topmagani uchun e'lon qilmagandik.
Xabaringiz bor, bugun ushbu masalada yangi xabar e'lon qilindi. Unga ko'ra, Respublika maxsus komissiyasi 2021 yilning 20 sentyabridan (bugun) sport musobaqalarini ochiq maydonlar hamda yopiq majmualarda o'tkazishga ruxsat berdi. Yani, futbol uchrashuvlariga karantin qoidalariga qatiy rioya etilgan holda muxlislarning tashrif buyurishlari mumkin bo'ladi.

Shundan keyin "Nasaf" va "Mohun Bagan" o'rtasidagi o'yinga tomoshabinlar kiritilishi yoki yo'qligi bilan qiziqdik va O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov bilan bog'landik. Ravshan Sayfuddinovichning ma'lum qilishicha, OFKning murojaatiga (13 sentyabr kuni saytimizda e'lon qilingan) javob xati bugun yuborilgan (mamlakatimizda karantin qoidalari yumshatilganidan keyin). 22 sentyabr kuni "Markaziy" stadionga ishqibozlarning kiritilishi OFKning tasdig'iga bog'liq. Ko'p ehtimol bilan, tashkilot bunga qarshilik ko'rsatmasa kerak.


