"Metallurg" "Sho'rtan" futbolchisini tarkibiga qo'shib oldi

Mirjalol Normatov
26 fev 2026
O'tgan mavsumda "Sho'rtan" sharafini himoya qilgan Doniyor Narzullaev sobiq jamoasiga qaytdi.

Klub ushbu transfer borasida shunday bayonot yozdi.

Yangi mavsumga reja asosida puxta tayyorgarlik ko'rayotgan jamoamiz tarkibni shakllantirish ishlarida ham faollikni unutmayapti.

Jumladan, yarim himoya chizig'iga tajribali futbolchi, o'zbek futboli ishqibozlariga yaxshi tanish bo'lgan Doniyor Narzullaev taklif etildi. 2021-yil klubimiz sharafini himoya qilgan vinger Bekobodga qaytdi va yangi mavsumda "Metallurg" safida to'p tepadi.

Tajribali futbolchi O'zbekiston Superligasida 156 ta o'yinda 10 ta gol urgan va 11 marta sheriklariga golli uzatma etkazib bergan. Osyo Chempionlar Ligasida 11 uchrashuvda maydonga tushgan (2 ta assist), OCHL 2 musobaqasining 2 bellashuvida (1 ta assist) va OFK Kubogida 4 ta o'yin (1 ta assist) o'tkazgan. 

O'tgan mavsum G'uzorning "Sho'rtan" klubi yetakchi futbolchilaridan biri bo'lib, klub safida Superliganing 26 uchrashuvida 6 ta gol urib, 4 ta golli uzatma etkazib bergan, qator bellashuvlarda jamoani maydonga sardor sifatida boshlab tushgan. 

Doniyor professional faoliyati davomida "Nasaf", "Metallurg", "Neftchi" va "Sho'rtan" jamoalari sharafini himoya qilgan. 

"Doniyor Narzullaev yangi mavsumda jamoamiz g'alabalariga munosib hissa qo'shishiga ishonib qolamiz va unga omad yor bo'lishini tilagan holda bekobodliklar safiga xush kelibsan deymiz. 

Doniyor Narzullaev

Tug'ilgan sanasi: 11.04.1995

Tug'ilgan joyi: Qarshi shahri

Bo'yi: 1.81

Ampluasi: Yarim himoyachi

O'ynagan jamoalari: "Nasaf", "Metallurg", "Neftchi", "Sho'rtan".


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: "Металлург" матбуот хизмати