Iyul oyida Axbor Imomxo'jaev xotira turniri bo'lib o'tadi

Narzulla Saydullayev
28 iyun 2024, 11:53
Roppa-rosa bir yil muqaddam o'zbek futboli jurnalistikasining asoschisi Axbor Imomxo'jaevni xotirlab, uning izdoshlari tomonidan futbol musobaqasi tashkil etilgandi.

Unda Axbor ota hayotlik davrida faoliyat olib borgan soha vakillari ishtirok etgani e'tiborga molik.

Sir emaski, Imomxo'jaev mamlakat futboli rivojiga katta hissa qo'shgan. U o'z vaqtida O'zbekiston futbol assotsiatsiyasida faoliyat olib borgan, futbol hakamligida o'ziga xos yutuqlarga erishgan, Liga uchrashuvlarida komissar sifatida ishlagan, matbuot, radio, televidenieni bu insonsiz tasavvur qilish qiyin edi. Qahramonimiz 80 yoshdan oshgan vaqtida ham sog'lom turmush tarizini targ'ib qilishda davom etdi hamda “Tong” faxriylar jamoasi safida haftasiga 3 marotaba futbol o'ynardi.

2 iyul - xalqaro sport jurnalistlari kuni butun dunyoda keng nishonlanadi. Imomxo'jaevlar sulolasi aynan shu sana atrofida ananaviy tarzda xotira turniri tashkil etishni maqsad qilgan. Mamlakatimizda futbol mavsumi 6 iyul kuni tanaffusga chiqadi. Tanaffusning ilk kunida esa ikkinchi bor Axbor Imomxo'jaev xotira turniri bo'lib o'tadi.

Ushbu musobaqada Championat.asia sayti xodimlaridan tuzilgan jamoa ham ishtirok etadi.




Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia