Germaniyada muxlislar VARni tokdan uzib qo'ygani uchun hakam bahsli vaziyatni monitordan ko'ra olmadi

Оқил Абдубарноев
8 mar 2026
Bundesliga-2 doirasidagi "Proyssen Myunster" va "Gerta" o'rtasidagi o'yinda myunsterliklar himoyachisi Niko Kulis jarima maydonchasi ichida berlinliklar futbolchisi Mikael Kyuizansni yiqitdi.

Bosh hakam Feliks Bikkel dastavval penalti belgilamadi, biroq VAR uni vaziyatni qayta ko'rib chiqish uchun maydon chetiga chaqirdi. Shunda qiziq holat yuz berdi. Sababi: ekran ishlamayotgan edi, u shunchaki o'chib qolgandi. Bikkel qop-qora monitorga qarab turardi. 

Ma'lum bo'lishicha, myunsterlik ultras muxlislardan biri monitorning shtekerini (elektr tokidan) sug'irib olib, VAR ishiga sabotaj uyushtirgan. Ayni paytda "Proyssen" ultraslari tribunada shunday yozuvli bannerni ko'tarib turishgandi: "VARni tokdan uzib qo'ying".

Suratlarda yashil niqob taqqan gumonlanuvchining maydon ichidan tribunaga qaytib sakrayotgani aks etgan. Aynan shu muxlis haqiqatan ham VAR sabotajiga javobgarmi, nega elektr manbaiga yetib borish bunchalik oson bo'lgan va nima uchun hech kim shtekerni qayta ulamagan – bular hozircha noma'lum bo'lib qolmoqda.

Nima bo'lgan taqdirda ham, hakam videotasvirlarsiz penalti bo'yicha qaror qabul qila olmasdi – shuning uchun VAR markazida o'tirgan yordamchisi ishga kirishdi.

Vaziyat ko'rib chiqilgach, "Proyssen Myunster" darvozasiga penalti belgilandi va uni "Gerta" sardori Fabian Rize aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. Uchrashuvda berlinliklar 2:1 hisobida g'alaba qozondi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Bild