

JCH-2026da qatnashadigan har bir jamoa kafolatlangan tarzda kamida 10,5 million dollar qo'lga kiritadi. Jurnalist Ben Jeykobsning xabar berishicha, FIFA kengashi 2026 yildagi jahon chempionatini o'tkazish uchun rekord darajadagi 727 million dollar ajratgan - bu 2022 yilda Qatarda bo'lib o'tgan jahon chempionatiga nisbatan 50 foiz ko'p. Mablag' ishtirokchi a'zo assotsiatsiyalar orasida taqsimlanadi, shundan 655 million dollar turnirning sovrin jamg'armasini tashkil etadi.
JCH-2026 g'olibi 50 million dollar, finalchi esa 33 million dollar mukofot puli oladi. Bronza medali sohibi 29 million dollar, 4-o'rinni egallagan jamoa esa 27 million dollar ishlab topadi. Chorak finalchilarga 19 million dollardan, 1/8 final ishtirokchilariga 15 million dollardan, 1/16 finalga chiqqanlarga 11 million dollardan to'lanadi. Guruh bosqichidan chiqib ketgan ishtirokchilar 9 million dollardan mukofot puli oladi.
Bundan tashqari, JCH-2026ning har bir ishtirokchisi tayyorgarlik xarajatlarini qoplash uchun 1,5 million dollar oladi. Shunday qilib, har bir assotsiatsiya turnirda ishtirok etgani uchun kamida 10,5 million dollar qo'lga kiritadi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston tarixda ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi.



