

JCH-2026ning beshta ishtirokchi mamlakati vakillari AQSH vizasini olish uchun garov puli to'lashiga to'g'ri keladi. The Athletic nashrining xabar berishicha, qiyinchiliklar AQSHda amal qilayotgan "Visa Bond" sinov dasturi tufayli yuzaga kelgan. Unga ko'ra, 50 ta davlat fuqarolari ishbilarmonlik yoki turistik viza bilan mamlakatga kirishda 10 mingdan 15 ming dollargacha garov puli kiritishi lozim. Ushbu mablag' viza muddati tugaguncha AQSHdan chiqib ketilganda qaytarib beriladi.
Ro'yxatga JCH-2026 yo'llanmasini qo'lga kiritgan Jazoir, Kabo-Verde, Senegal va Kot-d’Ivuar davlatlari kiritilgan bo'lib, 2 apreldan boshlab ushbu qoidalar Tunis fuqarolari uchun ham amal qila boshlaydi.
Takidlanishicha, dastur matnida alohida toifadagi fuqarolar, jumladan xalqaro sport musobaqalari ishtirokchilari uchun istisnolar ko'zda tutilmagan. Ushbu qoidalar taalluqli bo'lgan mamlakatlar futbol federatsiyalari vaziyatdan xavotir bildirishgan. Mazkur masala o'tgan oyda JCH-2026ga tayyorgarlik bo'yicha o'tkazilgan seminarlarda ham muhokama qilingan.
Hozirda FIFA Tramp mamuriyatini JCH ishtirokchisi bo'lgan terma jamoalarning o'yinchilari, murabbiylar shtabi, xodimlari, shuningdek federatsiya rahbarlari va homiylarning asosiy xodimlari uchun istisno qilishga ko'ndirishga harakat qilmoqda. Xalqaro futbol federatsiyasi delegaciyalarga yuboriladigan rasmiy taklifnomalar garov pulidan ozod qilish uchun asos bo'lishini istamoqda. Agar AQSH hukumati yon bossa, istisno faqat terma jamoa a'zolari uchun qilinishi kutilmoqda. Futbolchilarning yaqinlari va muxlislar esa baribir garov pulini to'lashga majbur bo'lishadi.



