

"Bugungi g'alaba bilan muxlislar va rahbariyatni tabriklayman. Aslida boshqacha tabriklashni xohlagandim, afsuski hali rasman Superligada qolish vazifasini bajarmadik. Lekin nima bo'lsa ham uydagi g'alaba muxlislarga quvonch bag'ishladi deb o'ylayman.
Uchrashuv boshidan raqibga bosim qildik, chunki bizga g'alaba zarur edi. Qizil kartochka "So'g'diyona" rejalarini buzgandek ko'rindi, ammo bu chetlatish aynan bizning bosimimiz tufayli bo'ldi. 10 kishi bo'lsa ham raqib safida Doriev, Jaloliddinov va Qahramonov kabi kuchli ijrochilar bor edi. Birinchi taymdagi vaziyatlardan foydalanganimizda bahs bunchalik asabiy o'tmasdi. Ikkinchi goldan keyin bugungi o'yinga qo'shilgan vazifani bajardik.
Raqib kamchilikda qolganidan keyin bizga osonroq bo'lganini tan olaman. Hujum paytida bo'sh zonalar ko'proq bo'ldi.
Pley-offda o'ynaydigan barcha jamoalar o'tgan yil Pro ligadan chiqqandi? Faqat "Xorazm" birinchi davrada ko'proq ochko oldi, ikkinchi davrada qolgan uchta klub yaxshi o'ynadi. "Qo'qon-1912" ikkinchi davrada ochko yig'ish bo'yicha 4-o'rinni oldi. Bu yilgi Pro liga bilan o'tgan yilgi Pro liganing farqi juda katta. Shu sabab "Aral"ga hurmat saqlagan holda aytamanki pley-offda o'ynaydigan barcha 4 ta klub ham Superligada qolsa kerak", - dedi Bahrom Haydarov.



