


- Qatorasiga 2-marta kubokka ega chiqdingiz. Qanaqa hissiyotlar o'tyapti?
- Juda ham xursandman. Kayfiyat a'lo. Bunga erishish oson bo'lmadi. Barcha muxlislarni g'alaba bilan tabriklayman.
- Final haqidagi fikrlaringiz qanday?
- O'yin ajoyib muhit ostida o'tdi. Shunaqa atmosferani yaratib bergan muxlislarga tashakkur. Raqibni yaxshi o'rgangan edik. Shu boisdan barcha vaziyatlarda e'tibor bilan o'ynadik.

- "Navbahor"ning asosiy ijrochilariga deyarli imkoniyat berilmadi. Murabbiy kim bilandir individual tarzda o'ynashni aytganmidi?
- Yo'q, hech kimni personal ravishda qo'riqlash topshirilmagandi. Biz "Real Madrid"ga qarshi o'ynamadik. Shuning uchun bunga hojat ham yo'q edi.

- 2-taym oxirida hujumga chiqib ketdingiz. Bu ishni "Nasaf"ni natija qoniqtirmayotgan pallalarda doimiy ravishda qilasiz. Buncha mahorat qayerdan?
- Bu jarayon ustida mashg'ulotda ishlagan edik. Menda gol urish xohishi judayam kuchli. Istalgan ishni ishtiyoq bilan qilsangiz, natijaga erishish oson bo'ladi.

- Muxlislar yarim tun bo'lishiga qaramay, jamoani Qarshida ajoyib tarzda kutib olishdi (video). Bunaqa atmosfera istalgan futbolchining orzusi bo'lsa kerak...
- Ha, shaharga kirib kelganimizda muhit ajoyib edi. 10 mingga yaqin odam bizni ko'chada kutib oldi. Hokim bobomiz ham futbolga yaxshi e'tibor beryaptilar. Ularning barchasiga rahmat.
- "Nasaf" tarixidagi birinchi chempionlikka juda yaqin turibsizlar. 3ta o'yin qoldi. Qaysi raqib nisbatan murakkabroq?
- Menimcha, uchchala o'yin ham qiyin o'tadi. Eng murakkab raqib sifatida "Olimpik"ni ko'rsatgan bo'lardim.

- Sizga "Paxtakor" qiziqayotgani haqida aytishdi. Rostan ham "sherlar"dan taklif bo'ldimi?
- Men hozir takliflar bilan qiziqayotganim yo'q. Bor e'tiborim chempionatga qaratilgan. Xudo xohlasa, Superligani ham yutaylik. Ana undan keyin takliflarni o'rganishimiz mumkin...
Muallifning telegramdagi kanali → FR| futbol ANALIZI



